Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner ekspluatatsiyasining 10-yilligini nishonlamoqda
O‘n yil avval: Uzbekistan Airways va Boeing 787 Dreamliner tarixi
Bundan roppa-rosa o‘n yil avval, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi arafasida, milliy aviakompaniyaning bort raqami UK78701 bo‘lgan ilk Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Toshkentga yetib kelgan edi.
Mamlakat uchun yubiley yilida yangi avlod havo kemasining paydo bo‘lishi O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixidagi muhim voqeaga aylandi. Dreamliner Uzbekistan Airways oldida uzoq masofali aviatashuvlarni rivojlantirish, xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va ilg‘or aviatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
O‘tgan o‘n yil davomida mamlakat bilan birga milliy aviakompaniya ham o‘zgarib va rivojlanib bordi. Birinchi Dreamliner samolyotini o‘zlashtirishdan boshlab, ushbu turdagi havo kemalarini ekspluatatsiya qilish uchun o‘zining professional va texnik bazasini shakllantirishgacha, shuningdek, uzoq masofali samolyotlar parkini rivojlantirishning yangi va keng ko‘lamli bosqichiga qadar katta yo‘l bosib o‘tildi.
Birinchi Boeing 787-8 Dreamliner 2016-yilda tijoriy ekspluatatsiyaga kiritildi. O‘sha yilning noyabr oyidayoq aviakompaniya ushbu turdagi ikkinchi samolyotni qabul qilib oldi. 2018-yil may oyida park uchinchi Dreamliner bilan to‘ldirildi, 2019-yilda yana ikkita havo kemasi parkka qo‘shildi, 2021-yil may oyida esa oltinchi Boeing 787-8 Toshkentga yetib keldi.
2017-yil 27-iyul kuni aviakompaniya tarixida ilk bor Toshkentdan Nyu-Yorkka parvoz oraliq qo‘nishsiz amalga oshirildi. Bugungi kunda Amerikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga besh marotaba amalga oshirilib, yo‘lovchilarga uzoq masofali yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishni taqdim etmoqda.
Boeing 787 samolyotlarini o‘zlashtirishning yuqori darajasi ekspluatatsiyaning dastlabki yillaridayoq xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2016-yil dekabridan 2017-yil mayigacha bo‘lgan dastlabki olti oylik tijoriy ekspluatatsiya natijalariga ko‘ra, Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi tomonidan dunyodagi eng yaxshi Boeing 787 operatori sifatida e’tirof etildi. Aviakompaniya parvozlar xavfsizligi va muntazamligi bo‘yicha 100 foizlik ko‘rsatkichlarni namoyish etdi.
Uzbekistan Airways Technics bazasida kompozit materiallarni ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi. Uning imkoniyatlari zamonaviy havo kemalarida, jumladan, Boeing 787 Dreamliner samolyotlarida ham tegishli ishlarni amalga oshirish imkonini beradi. Aviakompaniyaning muhandislik-texnik xodimlari mustaqil ravishda bajariladigan ishlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirib, samolyot, uning tizimlari, komponentlari va dvigatellariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur kompetensiyalarni shakllantirib bordilar.
2026-yil 8-may ushbu turdagi samolyotlarning ekspluatatsiyasi tarixidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi. Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari ta’mirlash ishlarini amalga oshirgandan so‘ng, ilk bor Boeing 787 samolyotining qanotida murakkab dvigatel sinovlarini — On-Wing testing jarayonini muvaffaqiyatli o‘tkazdilar. Buning uchun mutaxassislar maxsus tayyorgarlikdan o‘tdilar va xalqaro sertifikatsiyadan o‘tdilar. Shuningdek, Engine Split, GEnx-1B dvigatelining qismlarini ajratish va qayta birlashtirish jarayonlari ham o‘zlashtirildi.
Dreamliner samolyotlarini o‘n yil davomida ekspluatatsiya qilish mobaynida aviakompaniya yangi turdagi havo kemasini qabul qilish uchun zarur infratuzilmani tayyorlashdan tortib, tobora murakkab texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini mustaqil ravishda bajarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Shu bilan birga, Boeing 787 bo‘yicha o‘ziga xos uchuvchilar maktabi ham shakllandi. Uzbekistan Airways tarkibida Boeing 787 otryadi tashkil etildi, komandirlar va ikkinchi uchuvchilar tayyorlandi. To‘plangan tajriba asosida esa o‘zining uchuvchi-instruktor kadrlari shakllantirildi. Bugungi kunda ular o‘z bilim va tajribalarini yangi avlod uchuvchilariga yetkazib, professional maktabning davomiyligi va rivojlanishini ta’minlamoqda.
Ko‘rsatish
Parvoz ekipajlarini tayyorlash tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi Uzbekistan Airways O‘quv-mashg‘ulot markazida Boeing 787-9 uchun to‘liq funksional FFS trenajyori o‘rnatilishi bilan bog‘liq. Bu Markaziy Osiyoda ushbu turdagi birinchi trenajyor bo‘ladi. Uni xarid qilish Uzbekistan Airways va Boeing kompaniyalari o‘rtasidagi 22 ta Boeing 787-9 samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma doirasida ko‘zda tutilgan.
Kanadaning aviatsiya trenajyor tizimlari sohasidagi dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan CAE Inc. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan trenajyor eng yuqori Level D sertifikatsiya toifasiga javob beradi. U ekipaj kabinasi, havo kemasi tizimlari va parvoz xususiyatlarini maksimal darajada aniq takrorlash imkonini beradi hamda uchuvchilarni tayyorlashning to‘liq siklini amalga oshirish imkoniyatini ta’minlaydi.
Boeing 787-9 FFS trenajyorining ishga tushirilishi Uzbekistan Airways kompaniyasiga uchuvchilar tayyorgarligini o‘zining o‘quv bazasida amalga oshirish, trening jarayonining mustaqilligini oshirish va uchuvchilarni xorijdagi o‘quv markazlariga yuborish zaruratini kamaytirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, Dreamliner parkini kelgusida kengaytirish va yangi havo kemalarini boshqarish uchun uchuvchilarni oldindan tayyorlash zarurati nuqtayi nazaridan muhimdir.
Bugungi kunda Uzbekistan Airways kompaniyasida Dreamliner samolyotlari atrofida to‘laqonli professional ekotizim shakllangan — texnik baza, muhandislik kompetensiyalari, parvoz otryadi, instruktorlar tarkibi va xodimlarni zamonaviy tayyorlash tizimi.
O‘tgan o‘n yil davomida Boeing 787 Dreamliner Uzbekistan Airways parkning ajralmas qismiga va qit’alararo yo‘nalishlardagi asosiy havo kemalaridan biriga aylandi. U O‘zbekistonni dunyoning eng yirik shaharlari bilan bog‘lab kelmoqda.
Uzbekistan Airways kompaniyasidagi Dreamliner tarixi, avvalo, insonlar tarixidir. Har bir samolyot va har bir amalga oshirilgan parvoz ortida uchuvchilar va bort kuzatuvchilari, muhandislar va texniklar, yer usti, ishlab chiqarish va boshqa xizmatlar xodimlarining mehnati turibdi. Bu tarixda o‘n yil avval birinchi bo‘lib ta’lim olgan, yangi havo kemalarini qabul qilib olish va ularni Toshkentga olib kelish jarayonida ishtirok etgan, ularning ekspluatatsiya xususiyatlarini o‘zlashtirgan hamda aviatsiya texnikasining yangi avlodi bilan ishlash uchun professional poydevor yaratgan mutaxassislarning o‘rni alohida. Uzbekistan Airways Boeing 787 samolyotlarini o‘zlashtirishning ilk bosqichlarida ishtirok etgan mutaxassislarga, shuningdek, o‘n yil davomida uning xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlab kelayotgan barcha xodimlarga alohida minnatdorlik bildiradi.
Birinchi Boeing 787 Dreamliner samolyotining O‘zbekistonga mamlakatimiz Mustaqilligining 25 yilligi arafasida yetib kelgani ramziy ma’noga ega. Bugun esa uning o‘n yillik ekspluatatsiyasini respublikamiz Mustaqilligining 35 yilligi bilan birgalikda nishonlayapmiz.
Bu yillar davomida biz shunchaki yangi turdagi havo kemasini o‘zlashtiribgina qolmadik — o‘zimizning professional maktabimizni yaratdik, parvoz va muhandislik kadrlarini tayyorladik, texnik hamda o‘quv bazamizni rivojlantirdik. Bu yutuqlarning barchasi ortida Uzbekistan Airways kompaniyasining katta jamoasi mehnati turibdi.
Bugungi kunda to‘plangan tajriba bizga uzoq masofali samolyotlar parkini rivojlantirishning keyingi, ancha keng ko‘lamli bosqichiga ishonch bilan o‘tish imkonini bermoqda
, - dedi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruvi raisi Shuhrat Haydarqulov.
Boeing 787 samolyotlarining Uzbekistan Airways kompaniyasidagi o‘n yilligi yangi va keng ko‘lamli rivojlanish bosqichi arafasida nishonlanmoqda. 2025-yilda aviakompaniya o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzolab, 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini yetkazib berishga buyurtma berdi. Dastlabki yetkazib berishlar 2031-yildan boshlanishi kutilmoqda.
Dreamliner parkini kengaytirish talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda tashish imkoniyatlarini oshirish, parvozlar jadvalining barqarorligini ta’minlash, uzoq masofali parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda Markaziy Osiyoni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘lovchi yangi qit’alararo yo‘nalishlarni ochish imkonini beradi.
Yangi havo kemalari Uzbekistan Airways kompaniyasining xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish va Toshkentning Markaziy Osiyodagi yetakchi aviatsiya hamda tranzit markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining muhim qismiga aylanadi. Ularni qabul qilishga tayyorgarlik esa bugunning o‘zidan boshlanmoqda — texnik kompetensiyalarni rivojlantirish, parvoz ekipajlarini tayyorlash va zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini yaratish orqali.
Birinchi Boeing 787 Dreamliner O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining yangi bosqichining ramziga aylandi. Oradan o‘n yil o‘tib, to‘plangan tajriba endilikda yanada keng ko‘lamli yangi vazifalar uchun mustahkam poydevorga aylanmoqda.