Toshkent – Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) Toshkent shahrida doimiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishini, yangi ofis ochishini hamda joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda “Billing and Settlement Plan” (BSP) tizimini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qildi.
O‘zbekiston o‘sib borayotgan bozor bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab bormoqda. IATAning O‘zbekistondagi ofisi va BSP tizimi aviatsiya xavfsizligi hamda operatsion samaradorlikni oshirish orqali havo qatnovini rivojlantirishga strategik yordam beradi. Ofisimiz ochilishi bilan IATA mutaxassislari aviakompaniyalar va aeroportlarga xavfsizlik va operatsiyalar bo‘yicha global standartlarni joriy etishda yanada yaqinroq yordam bera oladi,– dedi Rafael Shvartsman, IATAning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti.
huningdek, BSP aviakompaniyalarga moliyaviy tranzaksiyalarni global darajada tejamkor tarzda amalga oshirish imkonini beradi, shuningdek mahsulotlarni butun dunyo bo‘ylab taqsimlashni osonlashtiradi. Bu esa xalqaro aloqalarni kengaytirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Hozirda aviatsiya O‘zbekistonda milliy YAIMning taxminan 0,9% ini tashkil etadi va 128 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. To‘g‘ri davlat siyosati mavjud bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni sezilarli darajada oshirish imkoniyati bor. IATA ushbu kelajakni shakllantirishda faol yordam ko‘rsatishni kutmoqda,– dedi Shvartsman.
Strategik rivojlanish
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi geografik joylashuvidan foydalanib, qo‘shni davlatlar, shuningdek Osiyo, Kavkaz va Yevropa bilan havo qatnovini ta’minlaydigan muhim mintaqaviy xabga aylanishni maqsad qilgan. IATA prognozlariga ko‘ra, 2024–2050-yillar davomida O‘zbekistonda yo‘lovchi-kilometrlar (RPK) o‘sishi 3,3% ni tashkil etadi, bu global ko‘rsatkich – 3,1% dan biroz yuqori. Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun quyidagi muhim omillar zarur:
- Xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotlarga muvofiqlik. Bunda asosiy omil IATAning operatsion xavfsizlik auditi (IOSA) dasturini joriy etish bo‘lib, bu O‘zbekiston aviakompaniyalarining xavfsizlik darajasiga bo‘lgan ishonchni oshiradi.
- Infratuzilmani rivojlantirish: Toshkent, Buxoro va Urganchda qurilayotgan yangi aeroportlar yo‘lovchi va yuk oqimlarining o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur quvvatni ta’minlaydi. Shu bilan birga, ularni iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda va aviakompaniyalar fikrini inobatga olib qurish muhim, shunda aeroportlar soha ishtirokchilarining ehtiyojlariga mos keladi va ortiqcha yig‘imlar bilan yuklanmaydi.
- Toza energiyaga o‘tish: Xalqaro standartlarga muvofiq barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) ishlab chiqarish aviatsiya rivojiga, energetik xavfsizlikka va eksport salohiyatini shakllantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston bu borada Gas-to-Liquids (GTL) texnologiyasi bo‘yicha tajribasi tufayli ulkan salohiyatiga ega, ayniqsa qayta tiklanuvchi yoki kam uglerodli gazlarga e’tibor qaratish orqali ekologik barqarorlik va xalqaro e’tirofni ta’minlashi mumkin.
IATA BSP haqida
BSP (Billing and Settlement Plan) – bu IATA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan yo‘lovchi tashish agentlari va BSPda ishtirok etuvchi aviakompaniyalar o‘rtasidagi moliyaviy hisob-kitoblarni soddalashtirish va standartlashtirishga mo‘ljallangan global tizimdir. Tizim yuzlab aviakompaniyalar va o‘n minglab agentlar o‘rtasida butun dunyo bo‘ylab aviabiletlar savdosi va ular bilan bog‘liq moliyaviy tranzaksiyalarni kuzatadi va boshqaradi. BSPdan foydalanish aviakompaniyalarga sotuvlarni moliyaviy jihatdan ishonchli boshqarish imkonini beradi va havo qatnovini kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda aviatsiyaning ahamiyati
- 12 400 nafar kishi bevosita aviatsiya sohasida band bo‘lib, 96,5 million AQSh dollari miqdorida iqtisodiy qiymat yaratadi, bu YAIMning 0,1 foiziga teng. Qo‘shimcha ta’sir yetkazib berish zanjirlari, xodimlar xarajatlari va turizm orqali yuzaga kelib, jami 795,5 million AQSh dollarini yoki YAIMning 0,9 foizini tashkil etadi hamda 128 ming ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
- Aviatsiya tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlanadigan turizm mamlakat YAIMiga 282,9 million AQSh dollari hissa qo‘shadi, xalqaro sayyohlar esa har yili mahalliy bizneslardan tovar va xizmatlar xarid qilish orqali iqtisodiyotga taxminan 2 milliard AQSh dollari olib kiradi.
- 2023-yilda O‘zbekiston aeroportlari orqali 66 600 tonna havo yuklari tashildi. Toshkent aeroportida ixtisoslashtirilgan yuk terminalining ochilishi va Navoiydagi yuk aeroportining rivojlanishi fonida yuk tashish hajmlarining yanada oshishi kutilmoqda.