Foto: © Embraer
Gavião Peixoto, Braziliya, 2026-yil 25-sentabr — Bugun Embraer kompaniyasining zavodida O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga ilk C-390 Millennium ko‘p maqsadli harbiy-transport samolyotini topshirishga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Jamolovich Burhonov hamda “Uztechtrade” davlat unitar korxonasi direktori Olimxon Bakiyevich Rustamov vakillik qildi. 2024-yil oxirida imzolangan shartnoma nafaqat samolyot yetkazib berilishini, balki xodimlarni to‘liq tayyorlash va texnik qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, ehtiyot qismlar hamda zarur uskunalarni yetkazib berishni ham nazarda tutadi.
Foto: © Embraer
O‘zbekiston Markaziy Osiyo va MDH hududida C-390 Millennium samolyotining birinchi operatori bo‘ldi. Shu tariqa mamlakat Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish va kuchaytirish, shuningdek, tezkor harakat kuchlarining imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat siyosatini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashladi.
Foto: © Embraer
Birinchi C-390 Millennium samolyotining topshirilishi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Uning ta’sirchan parvoz-texnik xususiyatlari, universalligi va ko‘p maqsadli qo‘llash imkoniyatlari tufayli ushbu turdagi samolyotdan foydalanish bajariladigan vazifalar doirasini sezilarli darajada kengaytiradi va ularni yanada tezkor hamda samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Ushbu innovatsion platformani safga kiritib, operativ imkoniyatlarimizni yanada kuchaytirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz.
- dedi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Jamolovich Burhonov.
Foto: © Embraer
Birinchi C-390 Millennium samolyotini O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga topshirish va O‘zbekistonni butun dunyo bo‘ylab tobora kengayib borayotgan C-390 operatorlari safiga qo‘shilganini ko‘rish biz uchun katta sharafdir,
- dedi Embraer Defence & Security prezidenti va bosh ijrochi direktori Bosko da Kosta kichik. - C-390 samolyotining tanlanishi uning yuklar va shaxsiy tarkibni havo orqali tezkor tashish uchun eng ilg‘or yechimlardan biri sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi. Bugungi marosim bizning keng imkoniyatlarimiz va operatsion moslashuvchanligimizdan foydalangan holda O‘zbekistonni kelgusi o‘n yilliklar davomida qo‘llab-quvvatlash borasidagi kelishuvlarimizni yanada mustahkamlaydi.
Foto: © Embraer
Birinchi havo kemasining qabul qilib olinishi bilan O‘zbekiston C-390 Millennium samolyotlarini ekspluatatsiya qilayotgan davlatlar safidan joy oldi. Bu esa mazkur samolyot turining o‘rta toifadagi taktik harbiy-transport samolyotlari uchun yangi standart sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
C-390’ni Toshkentda kutamiz! 🇺🇿✈️